Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da nashriyot-poligrafiya sanoati, reklama, etiketka va karton qog‘oz ishlab chiqarish bo‘yicha uchta xalqaro ko‘rgazma – “O’ZBEK in PRINT”, “O’ZUPAK”, “O’ZREKLAMA” xalqaro ko‘rgazmalari ish boshladi.
Uning ochilishida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha jabhalar kabi milliy matbaa sohasini jadal rivojlantirish, zamon talabi darajasidagi jihozlar bilan ta’minlangan yangi quvvatlarni ishga tushirish, bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va kuchaytirish, xorijiy sarmoyalarni jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Mamlakatimizdagi matbaa korxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mutaxassislarning kasb malaka va mahoratini oshirish, nafaqat ichki bozor, balki eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish yuzasidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar buning dalilidir.
O‘n birinchi marta o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro ko‘rgazma poligrafiya sohasida erishilgan yutuqlarni sarhisob etishda, o‘zaro fikr va tajriba almashishda muhim ahamiyatga ega. Bu yerda mamlakatimizning oltmishdan ziyod hamda yigirmadan ortiq xorijiy kompaniya yangi matbaa mahsulotlari, uskunalari, texnologiyalari bilan ishtirok etmoqda.
Janubiy Koreyaning «Korus Logistik» kompaniyasi besh yildan beri mazkur ko‘rgazmada faol ishtirok etadi. Kompaniya menejeri Irina Shlyutovaning ta’kidlashicha, ushbu xalqaro ko‘rgazma ekspozitsiyasining yil sayin kengayib, boyib borayotgani dunyoning ko‘pgina davlatlarida unga bo‘lgan qiziqish va e’tibor tobora kuchayishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa O‘zbekistonda matbaa sohasining yil sayin ravnaq topayotganidan dalolatdir.
- Jamoamiz mazkur ko‘rgazmada yuzdan ortiq nomdagi matbaa mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda, – deydi «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharriri Pokiza A’zamova. – Ko‘rgazmada har yili faol ishtirok etib kelayotganimiz o‘zaro hamkorlikning yanada kengayishi, poligrafiya yo‘nalishida so‘nggi yangiliklar, erishilgan yutuqlardan boxabar bo‘lishda, ota-onalar, pedagoglarning fikrini o‘rganish, matbaa sohasidagi xorijiy tajribani qiyoslashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqaro ko‘rgazma doirasida matbaachilik rivojiga oid uchrashuv va anjumanlar, taqdimot marosimlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
http://www.uza.uz