O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 15 iyul kuni Oqsaroyda Germaniya Federativ Respublikasi vitse-kansleri, tashqi ishlar vaziri Gido Vestervelleni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston-Germaniya hamkorligi halqaro siyosatning ko‘plab sohalarida bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani mamlakatlarimiz o‘rtasida yuksak darajadagi o‘zaro ishonchga erishilganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Germaniya mamlakatimizning G‘arbiy Yevropadagi muhim siyosiy hamda savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston va Germaniya Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash borasida yaqin hamkorlik qilmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish mamlakatimizning Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini kengaytirishga yo‘naltirilgan.
O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida nemis banklari ishtirokidagi yirik sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Ikki davlat oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Ular doirasida sanoat, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, tabiiy zaxiralardan oqilona foydalanishning zamonaviy yo‘nalishlarida birgalikdagi tadqiqotlar olib borilmoqda.
Oqsaroydagi uchrashuvda Gido Vestervelle davlatimiz rahbariga qabul uchun samimiy minnatdorlik bildirdi va Germaniya kelgusida ham O‘zbekiston bilan ko‘plab sohalarda har tomonlama hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini yana bir bor ta’kidladi. GFR vitse-kanslerining so‘zlariga ko‘ra, bizning mamlakatimiz Afg‘onistondagi vaziyatni noharbiy vositalar bilan barqarorlashtirishga izchil yondashib, mintaqada tinchlikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Shuningdek, Germaniya vaziri yaqinda Qirg‘iziston janubida sodir etilgan voqealar munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining vazmin va oqilona pozitsiyasini yuqori baholadi.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.