Namangan shahridagi “Navbahor” stadionida “Yoshlar giyohvandlikka qarshi” shiori ostida yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi, ichki ishlar, madaniyat va sport ishlari boshqarmalari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi hamda “O‘zbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi hamkorligida yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir tom ma’nodagi yoshlik bayramiga aylanib ketdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz rahnamoligida izchillik bilan amalga oshirilayotgan “Barkamol avlod yili” Davlat dasturining mohiyati va ahamiyati haqida to‘xtaldilar. Ayni vaqtda asr vabosiga aylangan giyohvandlikning fojiali oqibatlari, uning oldini olish, giyohvandlikka qarshi birgalikda kurashish xususida so‘z yuritildi.
Estrada xonandalari va yosh ijrochilarning konsert dasturida Vatan, istiqlol, yoshlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi, viloyat yosh sportchilarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Yoshlar forumi Chust va Norin tumanlaridagi bolalar yozgi oromgohlarida, Kosonsoy tibbiyot kollejida, Norin istirohat bog‘ida davom etdi. Turli uchrashuv, seminar va sport musobaqalari, ko‘rik-tanlovlarda o‘n ming nafardan ziyod yoshlar ishtirok etdi.
– Giyohvandlik mudhish illat ekani, u ko‘proq yoshlar hayotiga xavf solishi haqida yanada kengroq tasavvurga ega bo‘ldim, – deydi Namangan sanoat kasb-hunar kolleji talabasi Rahmonjon Mamadaliyev. – Bu illatga qarshi kurashishni, do‘stlarimni, yaqinlarimni undan himoya qilishni o‘z burchim, deb hisoblayman.
Viloyatning shahar va qishloqlarida mazkur yo‘nalishdagi tadbirlar davom etmoqda.