Mustaqil hayotga qadam qo‘ygan yigit-qizlar o‘zi tanlagan soha bo‘yicha oliy o‘quv yurtida tahsil olib, yetuk mutaxassis bo‘lishga intiladi.
Ayni kunlarda mamlakatimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlari ana shunday orzu-istak qanotida hujjat topshirayotgan yigit-qizlar bilan gavjum.
Davlatimiz rahbarining shu yil 28 mayda qabul qilingan “2010/2011 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida abituriyentlarga hujjat topshirish jarayonida tegishli shart-sharoitlar yaratish hamda test sinovlarini yuqori saviyada o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.
Bu yil Termiz davlat universitetining bakalavriat mutaxassisliklariga 30 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1 ming 530 yigit-qiz, magistraturaga 54 nafar bakalavrni qabul qilish rejalashtirilgan. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 560 talaba davlat granti, 970 nafar talaba esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinadi. Magistratura mutaxassisliklariga qabul qilingan talabalarning 17 nafari davlat granti va 37 nafari to‘lov-shartnoma asosida tahsil oladi.
– Universitetimizda bakalavriat ta’lim tizimida joriy yildan kimyoviy texnologiyalar, fermer xo‘jaligini boshqarish va yuritish, rus tili va adabiyoti kabi yangi yo‘nalishlar ochildi, – deydi Termiz davlat universiteti rektori Mamat Haydarov. – Magistratura tizimiga deformatsiyalanuvchi qattiq jism mexanikasi, ijtimoiy pedagogika, lingvistika (o‘zbek tili) mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shimcha yo‘nalishlar kiritildi. Shuningdek, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutiga xotin-qizlar sportini rivojlantirish yo‘nalishi bo‘yicha abituriyentlardan hujjat qabul qilib, test sinovlarini shu yerning o‘zida o‘tkazish joriy etildi. Bu ham viloyatimiz yoshlari uchun qulay imkoniyatdir.
Qabul davomida jamoat tartibini saqlash, abituriyentlar sog‘lig‘ini nazorat qilib borishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
– Qabul jarayonidagi yangiliklar va hujjatlarni topshirish tartibi har kuni e’lon qilib borilmoqda, – deydi qabul komissiyasi mas’ul kotibi O‘rol Berdiyev. – Barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlar jamlangan pannolar, e’lonlar taxtasi o‘rnatilib, tegishli fanlar yuzasidan konsultatsiyalar o‘tkazilmoqda.
– Qizim Shohsanam bolalikdan tarjimon bo‘lishni orzu qiladi, – deydi denovlik Zulxumor To‘rayeva. – Ingliz tili yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirdik. Bu yerda abituriyentlar va ota-onalar uchun yaratilgan qulayliklardan mamnun bo‘ldik. Hujjat topshirishda biror bir muammoga duch kelganimiz yo‘q. Universitetning zamonaviy, ko‘rkam yangi binosini ko‘rib, ochig‘i, yoshlarga juda havasim keldi. Farzandlarimizning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun mana shunday sharoitlarni yaratib, g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan Yurtboshimizdan minnatdormiz.