Poytaxtimizdagi Xalqaro biznes markazda Yevropa Ittifoqining Tempus loyihalari doirasida o‘quv dasturlari va kurslarini ishlab chiqish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’limni rivojlantirish markazi, Davlat test markazi vakillari, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining o‘qituvchi va professorlari, milliy ekspertlar jamoasi a’zolari, ayrim oliy o‘quv yurtlarida amalga oshirilayotgan loyihalar muvofiqlashtiruvchilari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni asosida ta’lim tizimi, xususan oliy ta’limni isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni o‘z ichiga oladigan uzluksiz ta’lim tizimi hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilmoqda.
Hozirgi globallashuv va axborot texnologiyalari asrida intellektual resurslar ustuvor ahamiyatga ega. Bugun jahon standartlari darajasida tayyorlangan, ilg‘or ilm-fan yutuqlarini puxta egallagan yuqori malakali kadrlarga butun dunyoda talab katta. Shu bois hozir ta’limga mablag‘ sarflash – kelajakda yaxshi samara beradigan, uzoqni ko‘zlab qilingan ishdir. O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasida izchil islohotlarni amalga oshirish tajribasi bunga yorqin misol bo‘la oladi.
Yurtimizda yuqori malakali kadrlar tayyorlash, oliy o‘quv yurtlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, axborot texnologiyalarini ta’lim jarayoniga izchil tatbiq etish, ta’lim va ishlab chiqarishni integratsiyalash masalalari davlat siyosati darajasida hal etilmoqda.
Bugungi talaba, mamlakatimizda yaratilgan qulay shart-sharoitdan foydalangan holda o‘qishi, shuningdek, bilim olishga intilishi va chanqoqligi, bu borada qo‘lga kiritayotgan yutuqlari bilan hech kimdan qolishmaydi. Mamlakatimiz yoshlari dunyoning rivojlangan davlatlaridagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida ham bilim olish imkoniyatiga ega. O‘zbekistonda davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Singapurning yetakchi oliy o‘quv yurtlari filiallari ochildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy va o‘rta maxsus ta’limni rivojlantirish markazi bo‘limi boshlig‘i X.Husniddinova, milliy ekspertlar jamoasi a’zosi N.Qosimova va boshqalar ta’lim tizimini isloh qilishning ushbu bosqichida ta’lim sifatini yanada oshirish muhim prinsiplardan biri sifatida belgilanganini qayd etdilar. Bu jarayonda asosiy e’tibor oliy ta’limning barcha bo‘g‘inlari – bakalavriat, magistratura, aspirantura va doktorantura uchun zamonaviy talablarga javob beradigan o‘quv dasturlari hamda kurslarni ishlab chiqishga qaratilmoqda. Shuningdek, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlashda kadrlarning asosiy iste’molchilari bo‘lgan ish beruvchilarning talablari hisobga olingan holda, integratsiyalashgan ishlab chiqarish amaliyoti samaradorligini oshirishga ham alohida e’tibor berilayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Tempus dasturining muhim jihatlaridan biri oliy ta’lim tizimini takomillashtirish, jumladan, uning tarkibiy qismlaridan biri – aniq fanlar, texnologiyalar, menejment, biznes va boshqa yo‘nalishlarda o‘quv dasturlari hamda kurslarni ishlab chiqishda oliy o‘quv yurtlari, professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilarga ko‘maklashishdan iboratdir.
Tadbir davomida o‘quv dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha joriy etilayotgan loyihalarning amalga oshirishi hamda tugallangan loyihalarning natijalari muhokama etildi.